Volkswagen Xitoy avtomobillarini o‘z zavodlarida ishlab chiqarishni ko‘rib chiqmoqda
01.05.2026 / 11:05Avtobrend inqirozga qarshi turli choralarni ko‘rib chiqmoqda, ulardan biri Xitoy mashinalarini o‘z zavodlarida ishlab chiqarishdir.

Volkswagen inqirozdan chiqish yo‘llarini izlamoqda va variantlardan biri sifatida Xitoy avtomobillarini o‘z zavodlarida ishlab chiqarishni ko‘rib chiqmoqda.
2026-yilning birinchi choragida kompaniya moliyaviy ko‘rsatkichlari yomonlashdi. Volkswagen’ning sof foydasi 28,4% ga kamayib, $1,68 mlrdni tashkil etdi (o‘tgan yil shu davrida $2,36 mlrd edi). Tushum esa 2,5% ga pasayib, $81,8 mlrdga tushdi.
Brend rahbari Oliver Blume ta’kidlashicha, biznesga geosiyosiy keskinlik, savdo cheklovlari, qat’iy tartibga solish va kuchli raqobat bosim qilmoqda. Ayniqsa, Xitoy va AQSh bozorlaridagi sotuvlar pasaygani sezilmoqda: global yetkazib berish hajmi 2,05 mln avtomobilni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 4% kam.
Yevropadagi zavodlarni yuklash va xarajatlarni kamaytirish uchun Volkswagen biznes modelini o‘zgartirishga tayyor. Kompaniya Yevropada Xitoy avtomobillarini ishlab chiqarish imkoniyatini o‘rganmoqda. Hozircha bu faqat variant sifatida ko‘rib chiqilmoqda, ammo bunday modellarga Yevropa bozorida talab bormi — shu tahlil qilinmoqda.
Yana bir ehtimoliy yo‘nalish — mudofaa sanoati bilan hamkorlik. Volkswagen ayrim zavodlar, xususan Osnabryukdagi ishlab chiqarish quvvatlarini boshqa yo‘nalishda yuklash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, kompaniya qurol ishlab chiqarishni rejalashtirmayotganini ta’kidladi — gap harbiy transport vositalari va ularga bog‘liq yechimlar haqida ketmoqda.
Parallel ravishda Volkswagen keng ko‘lamli restrukturizatsiyani davom ettirmoqda. Brend modellari sonini qisqartirish, modifikatsiyalarni kamaytirish va Yevropadagi ishlab chiqarish hajmini pasaytirishni rejalashtirmoqda. Avvalroq 2028-yilgacha ishlab chiqarishni 1 mln avtomobilga qisqartirish rejalashtirilgan edi, endi esa 2030-yilgacha yana 500 ming avtomobilga kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Moliyaviy natijalarga AQShdagi xarajatlar ham bosim qilmoqda. Xususan, faqat bojxona to‘lovlari kompaniyaga birinchi chorakda taxminan $650 mln ga tushgan. Bundan tashqari, yana $540 mln Volkswagen ID.4 elektromobilini Chattanooga zavodida ishlab chiqarishni to‘xtatish va ichki yonuv dvigatelli modellarga qaytish uchun sarflanadi.







